Monday, February 6, 2017

Ikki yuz ming dollar, ta'lim, bugungi istemolchilik!

Bir sportchiga shuncha rag'bat oshiqcha. 200 ming $, 100 mln turadigan malibu. 1.5 mln oylik oladigan o'qituvchi malibu olishi uchun 100/1.5 = 66.7 oy yoki 5.5 yil yemay-ichmay, kiyim kiymay, ro'zg'origa bir tiyin sarflamay yig'ishi kerak. 200 ming $ ni hisoblamay qo'ya qolaylik. Bosh aylanib ketadi. Bir bokschi qo'liga qo'lqop kiyib birovni urgani uchun shuncha rag'bat olsa, bechora ta'lim beruvchi uztozlar, sanoat, ishlab chiqarishda hizmat qilayotgan fidokor mehnatkashlarga nisbatan nohaqlik emasmi? 

O'qituvchi bo'lish oson emas. U bechora yoshligidan o'qishga kirish uchun tayyorlanadi kunni-kun, tunni-tun demay. Keyin, 4 yil universitetda o'qiydi shartnoma puli to'lab. Keyin u ta'lim bera oladi. 

O'zingiz o'ylab ko'ring, bechora o'qituvchi 5.5 yil halol ishlab ham malibu ololmasayu bir yosh bola boks tushib malibuni sovg'aga olsa yana 200 ming $ bilan. Alam qilmaydimi? Keyin nima qilsin o'qituvchi bolasini o'qi deydimi yo boks tush deydimi?

Bir misol: yaqinda qozog'istondagi fan olimpiadasida qorako'llik yigitlar meddalar bilan qaytishdi. Ularga malibu tugul xo'razqand berishganiniyam eshitmadik (harqalay kun.uz, daryolar yozishmadi).  Bu nima degan gap? Qani tenglik? Nega bokschiga bor rag'bat shu matematik, fiziklarga yo'q. 

Bugun kun.uz dagi ma'qolani o'qib yana hafsalam pir bo'ldi. Jahon chempioni yosh, xalqaro grossmeyster Nodirbek Abdusattorovga O'zbekiston shaxmat federatsiyasi eng kam ish xaqqining 1 barobari miqdorida stipendiya tayinlabdi.

Kun uz yozayabdi: "Нодирбек Абдусатторов охирги икки йилда 10 та халқаро мусобақада иштирок этган. Шулардан 2 таси болалар ўртасидаги мусобақа, улардаги иштироки харажатлари давлат ҳисобидан қопланган. 10 та турнирдан 3 таси Ўзбекистонда ўтказилган, қолганлари хорижий давлатларда. Демак, 2 йил давомида Тожикистон, Россия, Малайзия ва Қатарда бўлиб ўтган 5 та халқаро турнирга у ўз ҳисобидан бориб келган. Биргина Қатар сафари онаси ҳам борганлиги учун ёш чемпионлар оиласига 3500 долларга тушган...". 

Endi o'zingiz o'ylab ko'ring. Aslida bu yosh yigit ham sportchiku. Faqat sportning boshqa turi bilan shug'illanadi. Nega endi bu yigitchaga rag'bat yo'q. Sababi bu yigit bellashuvlarda boshqa azosini ishlatayotganidami? Agar u ham boks tushsa malibu bilan 200 ming $ beramizmi? Kechirasizlaru, Rag'bat sportga bo'lsa teng bo'lsinda. Nega Nodirbekka eng kam ish xaqqining 1 barobari miqdorida stipendiya tayinlanadi? Qani rag'bat? Qani tenglik? 

Odamlar biznesmen bo'lsin deyabmiz, o'zini-o'zi boqsin, ish o'rni yaratsin, banklardan kredit olib banklarni ham ishini yurg'issin deyabmiz. Ta'limga e'tibor bermayabmiz afsuski. Odamlar bisnesmen bo'laman deb ilmdan uzoqlashishi mumkin. Ilmi bo'lmagan tadbirkor, Ilmlisi bo'lmagan jamiyat tayyor istemolchi bo'ladi halos. Masalan tassavur qiling: Jahon bankidan, OTB dan va boshqa tashkilotlar va davlatlardan kredit olasiz qaysidir sohaga yo'naltrish uchun albatta. Keyin tendr o'tqazasiz va tendrda yana o'sha pul berganlar yoki rivojlangan davlatlar korxonlari yutib chiqadi va sizga bugungi zamon talabi bo'yicha zavod qurib beradi, texnika olib keladi v.h.k. Siz yangi texnika oldik yoki mana eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan zavod qurdik dib maqtanib yurganizda, ular yangi texnologiya ustida ishlayotgan bo'lishadi. Vaqti kelib siz yana o'sha sohada yangi tejamkor zamonaviy texnologiyaga ehtiyoj sezasiz va yana kredit olasiz yana o'sha pul berganlar va boshqalar kelib o'zlari bergan pulini o'zlari olib ketishadi... siz kreditni to'lab yuraverasiz... Bu sikl davom etaveradi, davom etaveradi... Ular uchun shunchaki istemolchisiz halos. Agar siz ta'limga e'tibor bersangiz va ilmli yoshlarni rag'batlantirsangiz jamiyat o'zgaradi. Odamlarda fikrlash o'zgaradi, maqsad o'zgaradi. Bugun istemolchi bo'lsak ertaga o'zimiz uchun o'zimiz ishlab chiqaramiz, olimlar yetishib chiqadi, kerak bo'lsa boshqalarga qurib beradigan texnika, texnologiyalar yasaymiz. 

Oddiy misol kecha odamlar Cloud (bulut) haqida gapirayotgan edi, bugun butun dunyo AI (suniy ong), Machine learning, Deep learning kabi narsalar haqida gapiryabdi. Bugun, ular AWS, Google Cloud, Microsoft Azure va boshqa ko'plab servislarni yaratishdi va butun dunyo katta-katta pul to'lab ishlatyabdi. Biz esa haliayam o'g'irlangan windows xpni ishlatib yuribmiz. Hanuzgacha internet sifatini yaxshilay olmaymiz. Erataga, ular yasaydigan suniy ong odamlar o'rniga fikrlaydi, ishlaydi. Biz esa yana o'g'irlangan windows 7 ni ishlatib yuraveramiz. 

Kech bo'lmasdan ta'limga e'tibor beraylik. Yoshlar ilmlilarga havas qilsin(qo'shiqchi, artist, sportchilarga emas). Shunda haqiqiy rivojlanish bo'ladi. Shunda tualetini kimdir tozalab bermagani uchun yoki ota onasidan alohida yashash uchun portalga yozadiganlar kamayadi. 

Tuesday, January 28, 2014

Menga faqat men kerakmi?

Ko'proq suv iching.
Qiroldek nonushta qiling, shaxzodadek tushlik qiling, kechki ovqatni esa gadodek tanavull qiling.
Har kuni kamida 10 daqiqa sukut saqlab dam oling
Kamida 7 soat uhlang
Hayotingizni o'zgalar hayoti bilan taqqoslamang, zero siz ularning hayot yo'li qandayligini bilmaysiz ...

Bu bir sog'lom, yahshi hayot qurish uchun maslaxatlar to'plamidan parcha edi. To'g'risi bu kabi chiroyli so'zlar, joiz bo'lsa maslaxatlar unchalik menga yoqmaydi. Sababini o'zim ham bilmayman. Aslini olganda bu kabi so'zlarning koni foyda-yu. Qolaversa ularni necha-necha insonga foydasi tekkan, tegayabdi. Yahshi maslahatchi topilmaganda ularga yuzlansa ham bo'ladi. Natijasini tasavvur qilib, ishtiyoq bilan yashayverasan. Lekin na iloj majburlab yoqtirib bo'lmas ekan. Aslida, sababini anglaganday bo'laman lekin bu boshqalar uchun to'g'ri kelmasligi mumkin, balki to'gri kelar. Muammo shundaki: o'zimdan o'zim qoniqish hosil qilmayman. Nimanidir qilish, yoki qilmaslik kerakligini tushinib turib, shu ishni aksini qilish, irodasizlik doim pand beradi. Voqealar yakuni esa qoniqishni yanada susaytiradi. Yana shu muammolar bilan olishish, o'zingni o'z oldingda yerga urish o'zingga bo'lgan hurmatni pasaytiradi - o'zingni mensimay qo'yasan. Natijada o'zing hohlaganday yasholmaysan, o'zingga bo'lgan munosabat, umirga, vaqtga bo'lgan munosabatlar buzilib ketadi. Yuqoridagi maslaxatlarni esa eshitging ham kelmaydi. Ular amalga oshmasligini oldindan bilganday bo'lasan. Bularni bari dahshat!

Pualo Kyelo shunday degandi - ”Har kim o'zicha bu dunyoda aynan qanday yashash keragligini aniq biladi. Biroq hech kim o'zining shaxsiy hayotini negadir yo'lga sola olmaydi.” Balki u ham o'zidan qoniqish hosil qilmas. Bunisi bizga qorong'u. Qoniqish hosil qilish qaysidir ma'noda rivojlanishdan to'htash demakdir. O'zingga nisbatan talab bo'lmasa nima qilishingni bilmaysan-ku to'g'rimi? Yoki bilsang ham, bu haqiqatdan sen qilishing kerak bo'lgan ish-mi yoki yo'qligini bilmaysan. Bunisi esa yomonroq menimcha. Keling yana o'sha gapga qaytsak. Nega u bunday degan ekan-a? Ahir ko'pchilik o'z hayotidan mamnunku. Topgan davlati, martabasi yoki, obro'-etibori bilan ko'pchlikda yahshi ta'surot qoldirganlar kammi? Nega Kyelo bunday fikrga kelgan ekan?Nima uni bunday o'ylashga majbur qildi? Tushinishimcha, u insonning rivojlanishi, shuning barobarida hayotning rivojlanishi insonning o'z oldiga yanada ko'proq talablar qo'yishini nazarda tutgan. Aniqrog'i inson nafsini, ehtiyojini chegara bilmasligini aytmoqchi bo'lgan. Darhaqiqat, yashashning o'zi shuda. Hayot turli hil ehtiyojlarni qondirishdan iborat. Ehtiyoj, manfa't, nafsning chek-chegarasi yo'q. Nimani bo'lsa orzu qilib tashlayveramiz, nimanidir qilishim kerak deb o'zimizdan so'rayveramiz, o'zimizni qay kuylarga solmaymiz bu balolar dastidan. Ana shunday yashash hayot deb ataladi biz uchun. Balki hayot aslida unday emasdir. Inson o'zidan hadeb talab qilaverishi, qo'lidan kelmaydigan ishlarga o'zini majburlashi o'ziga nisbatan insofsizlikdir.

Shu o'rinda bir ustozimning gaplari yodimga tushdi -”Inson hayotga o'ziga hos qobilyat va shaxsiyat bilan keladi. Faqat ko'pchilik buni umri davomida topa olmaydi yani kimligini bilmasdan o'tib ketadi. Topa olganlar esa haqiqiy hayot qurishadi, ularni nomi, hayot yo'llari yillar davomida insonlar yodida bo'ladi.” Haqiqatdan o'zimizdan boshqa bir inson bo'lishni talab qilaverish bilan bir yutuqqa erishishni kutish ahmoqlikni o'zi emasmi? Umrni behuda sarflash emasmikin? Balki kimdir o'zni kimligni, qaysi kasb egasi bo'lish keragligini anglasayu boshqa ko'chalarda yurgan bo'lsa va endi hayot o'zgartrib bo'lmaydi deb o'ylasa bu ham xato fikr emasmikin? Aslini olganda xato fikr bu ham. Ahir aytishadiyu-”Hech narsani kechi yo'q”-deb. Hozir hayotmimizmi demak hali imkon bor demak qilish kerak. Ahir qolgan umrimiz arziydi-yu bu qarorimizga. Qolaversa, hayotni o'zgartirish, yana hammasini boshqatdan boshlash, hayotimizdan hursand bo'lib yashash nafaqat o'zimizni hursand qiladi balki atrofdagilar, yaqinlarimizni shu jumladan ota-onamizni ham. Buni ham unitmaslik kerak.

Shaxsiy hayotimda, yaqin bir insonimni yo'qotib qo'ydim. Hozirgacha bunga ishonolmayman. Hammasi hazilga o'hshaydi, lekin bu haqiqat uni tan olish kerak. Lekin men o'zim haqimda o'ylayverib u insonni yodimdan chiqarganim alam qiladi. Hali qilmoqchi bo'lgan ishlarim u insonga bermoqchi bo'lgan narsalarim bir dunyo edi. Berolganim esa sariq chaqaga arzimaydigan narsa bo'ldi. Shoirlar, yozuvchilar bunga o'hshash holatlarni ko'p yozishadi. Insonlarni ayni shu xolatdan ogoh qilishiga harakat qilishadi. Men bularni bilib turib yana hech narsa qilolmadim. Bu huddi qo'lingga zaharni berishadi, sen uni zaharligini bilasanu, lekin ichganingdan keyin uni aslida qanaqa ta'sir qilishini anglashga o'hshaydi. Balki men ham o'zim aytgandek begona ko'chada yurgandirman shuning uchun o'zimdan qoniqish hosil qilmasman, shuning uchun hayotni yo'lga soluvchi maslaxatlar yoqmas. Agar kimligimni avvalroq anglagan bo'lganimda va o'shanda hayotimni o'zgartirganimda ko'p narsaga ulgurarmidim. Hudbinlik qilib qancha yilni o'tkazmagan bo'larmidim. Balki to'g'ri yo'ldadirmanu, o'zimdan ko'p narsalarni talab qilaverib hudbinlashib ketgandirman. Lekin ana o'sha so'rayverish, talab qilaverish hali beri tugamaydiganga o'hshaydi. So'raladigan savollar soni ko'paysa ko'paydiki, kamaymayabdi. Hali bu holat yana qancha davom etishini bilmayman ham. Balki butun umrdir. Bunisini vaqt ko'rsatadi.

Ushbu blogpostni sabr bilan o'qib chiqqan darddoshim yaqinlaringiz omon bo'lishsa ulardan habar oling uzoqda bo'lsangiz sim qoqish ham yetadi ular uchun. Muhimi o'zimizni hayotimizni to'g'rilash bilan ovora bo'lib qolib vaqtni o'tkazib qo'ymaylik. Yuqoridagi mulohazalar aslo aql o'rgatish yoki maslahat berish emas, bularni o'zingiz ham yahshi bilasiz faqat yodingizdan ko'tarilgan bo'lishi mumkin. Shularni esga solishga urindik. Omon bo'ling! Dardlashamiz!

Wednesday, May 22, 2013

Xaqiqqiy asar


Xaqiqqiy san'at asari o'zida voqelik va badiyatni uyg'unlashtirgan asardir” - deydi Albert Kamyu. “Agar asar bu ikkisidan biriga urg'u bersa, bunday asar o'z kuchini yo'qotadi va shaklbozlik yoki yalong'och voqelikni ifodalaydi.” Darxaqiqat, agar yozuvchi voqelikni unitib qo'ysa asar quruq xayolotdan iborat bo'ladi, aksincha xayolot ishtirokisiz esa asar tubanlikka aylanib qoladi. Ikkising uyg'unlashuvi esa o'ziga hos jozibali asarni dunyoga keltiradi.

Biz insonlar tug'ilamiz, yashaymiz, o'lamiz. Agar asrlarni soniya hisobida qarsak. Aksariyat insonlarni nomlari bir, rosa borsa ikki soniya yashashi mumkin. Bu juda shavqatsizlik. Boyisi, mavjudlikning yo'q bo'lib ketishi – bir kun kelib o'lishing va uni bilishing, sen oldinga qo'yayotgan maqsadlar, orzu-istaklar, aslini olganda, bir pulga qimmat narsalar ekanligini his qilish, insonga og'irlik qiladi. Lekin, avlodlar almashinishi, biz his qilgan, biz ko'rgan narsalarni yana kimlardir ko'rishi uchun ham, shunday bo'lishi shart. Inson hayoti davomida Stendal aytganidek - “O'ziga xos bir asar yaratadi”. Uni turli hil voqeliklar va xayolot bilan boyitadi. Undagi voqealar rivoji haqiqiy voqelikni, badiy o'hshatishlar esa haqiqiy xayolotni aks etiridadi. Bu juda qiziq asar aslida. Lekin menimcha asarning o'quvchisi kamligiga sabab, xayolot va reallikning bir butunlik kasb etmaganligida. Shunining uchun ham bu asar sohiblarining nomlari soniyalik holos. Aksincha, bu ikki xilqatlarni birlashtira olganlar nomlari esa doimo insonlar yodida bo'ladi. Demakkim inson umri davomida, nima bo'lishidan qatiy nazar, o'z xayolotini ustalik bilan voqelikka aylantira bilishi lozim ekan. Maqsad kimdir bizni eslashi uchungina emas, shunchaki chirolik hayot qurish – chiroylik asar yaratish uchun. Qolaversa yaratilajak asar, asar muallifiga ham maqul bo'lmog'i lozim - bunisi esa eng muhimi.

Friday, May 3, 2013

Nega meni unday deyishadi?

Inson... Eng katta jumboq. Uni ham yahshiga ham yomonga ajratish mumkin. Lekin bu faqat insonlarning boshqa bir insonga nisbatan bergan bahosidan yoki hulosalar to'plamidan, umumiy qilib aytganda subyektiv fikrlardan tashkil topgan bo'mbaga o'hshaydi. Bu bo'mbaning mo'jizakor husisiyati shundaki: u ko'p hollarda kerakli joydamas umuman boshqa joyda portlaydi. Minalashtirganlar esa ko'pincha o'sha insonni yahshi bilganlar yoki yaqinlari bo'lib chiqadi... Mayli mavzu bu hususida emas, balki shu bombaning paydo bo'lish sabablari va ularning ahamiyati haqida. Shu o'rinda bir savol tug'iladi. Nega insonlar yahshi va yomon turlarga ajratiladi? Nega inson yomon yoki yahshi bo'lishi kerak? Menga qolsa, insonnig yahshisi ham yomoni ham yo'q - degan bo'lardim. Chunki, hamma o'zi uchun yahshi. Hech kim o'zini yomon hisoblamaydi. Yomon deyishi mumkin, lekin, bu to'g'ri javob emas(haqiqat emas). Yahshi degan esa, men uchun yomon degandan ko'ra yahshiroq jovob. Ho'sh nega insonlar, umumiy qilib aytganda, shu ikki turga ajratiladi? Savolga savol bilan javob berish mumkin bu o'rinda: kim ajratadi insonlarni shu ikki guruhga? Albatta o'zimiz... Yana insonlar.

Inson zoti juda qiziqda! Birovni yahshi deydi birovni yomon. Bundanam qizig'i o'sha insonning o'zgalar fikrini eshitishi, asab buzishi bo'lsa kerak. Tasavvur qilinga inson yashashi mumkin bo'lgan boshqa sayyora bor va u yerda faqat bittagina inson bor uni hech kim yahshi ham deya olmaydi yomon ham. Yerdan unga qarata bildirilgan fikrlar esa u uchun umuman ahamiyatsiz – eshitmaydi ham. Aslida, yerda ham shunday emasmi? Har kimni o'z dunyosi bor va u shu dunyoning egasi. Uni hohlagancha boshqaradi, hohlagancha tassavur qiladi. Bu dunyo eng yahshi va shu bilan bir qatorda eng yomon duyo. Unda kim bilandir dardlashasan, lekin yolg'issan... Bu dunyoda o'zing mumammo yaratib o'zing hal qilishga urinasan, maqsadlar vazifalar qo'yasan. O'zing bilan o'zing suhbat qurish uchun eng yahshi joy, lekin maqsadlar sari yurilgan, yosh o'tgan sari u kengaya boradi. Bazida uning shuncha kengligi ham seni sig'dirolmay qoladi. Bu uning yomon tomonlaridan biri. Lekin eng yahshi tomoni esa haqiqiy yuzing qandayligi, aslida kimliging o'sha dunyo uchungina ayon.

Demak, asli kimligimiz o'z dunyomiz uchungina ayon ekan nega o'zgalar bizni yahshi yoki yomon deydi? Aslida bu fikrlarni ahamiyati bormi? Bordir lekin biz uchun emas. Biz baribir o'z dunyomizda yashaymiz. Bir muddat u boshqa joylarda sayr qilishi mumkin lekin baribir faqat o'zinigina tan oladi, o'zinigina mavjud deb biladi – bu haqiqat. Agar kimningdir dunyosi bunday bo'lmasa demak u dunyo mustahkam emas. Uni buzish, ag'dar-to'ntar qilish mumkin. Chunki u dunyoda ranglarning farqi yo'q hamma narsa bir hil rangda, na oq na qora bor. Bu dunyo rang ajratishi uchun unga rang qo'shish kerak. Rangni esa boshqa joydan olinadi albatta. Agar unga 3 hil rang kirtilsa ranglarni arlashtirib yuborib 256 hil rang hosil qilishi mumkin. Oqibatta, ranglarni tahlil qilolmay ko'pincha egasini bemani gapitririshi mumkin.

Aslida shu mavzu haqida so'z yuritish joyizmi, joyiz emasmi, bunisini bilmaymanu, lekin barmoqlar bosgan klavishchalar shunaqa mazmundagi narsani paydo qildi qisqasi. Bu mavzuga to'htalishimdan sabab ohirgi paytlarda yon atrofimda, ijtimoiy tarmoqlarda ko'p so'ralyotgan savollar sabab bo'ldi tog'risi. Ularning ko'rinishi boshqacharog'u lekin mazmuni “Men qandayman, menga qanday tarif berasiz?” kabi savollardan iborat edi. Eng qizig'i bu savollarga beriladigan javoblar... :) va shu savolni berayotgan insonning kimligida edi. Ustamonlar savollarning asl mazmunini yashirish maqsadida undan so'ng qo'shimchalar qo'shishgan edi. Javob beruvchilar ham tilyog'lamalikni qiyvorishgan o'ziyam. Bazilarini tilidan bol tomsa, bazilarinikidan zahar ham tomib turadi, lekin zahar aralashtirganlar so'zi ohirida hazil manosini qo'shib qo'yishgan. Bunisi eng yomoni menimcha. Bunga sabab o'rnida bir do'stimning ajoyib so'zlari misol bo'la oladi: “Chin gapirib turib hazillashdim degan odamdan qo'rqaman”. Ayni haqiqat, uni qanday tahlil qilish o'zingizga havola. Nima bo'lgandayam demoqchi bo'lgan narsamiz shuki: Bu kabi savollarning biz uchun umuman ahamiyati yo'q va umuman foydasizdir. O'zimiz uchun o'zimizning o'zimizga bergan tarifimiz o'zgalarnikidan doimo ustun va ustun bo'lib qoladi ham. Buni tan olish kerak. Boshqa tomondan o'zgalar uchun o'zini o'zgartirish – o'zgalar oldida yahshi ko'rinish va sohtalikdan boshqa narsa emas. Yuqoridagi mazmundagi savollarni berish esa sohtalik so'qmog'iga qo'yilayotgan qadamdan darak beradi. Sohtalik esa hech kimga yoqmaydi. Ahir aytishadiyu - “Yo asling kabi ko'rin, yo ko'ringaning kabi bo'l” - deb.

Yuqorida gapirilgan gaplarda xato va kamchiliklar bo'lishi mumkin. Balki, yuritilgan mavzu yetarlicha ochilmagandir, balki bu umuman ko'tariladigan mavzu ham emasdir. Bunisi sizning hulosangiz qandayligiga bog'liq. Dardlashamiz...

Wednesday, May 30, 2012

Pul bu baxtmi?


“Ha” deb javob beruvchilar shoshilmang!

Pul bu baxtmi? Ko’pchiligingiz o’ylayotgan bo’lishingiz mumkin – “Bu siyqasi chiqqan mavzuku” – deb. To’g’risini aytganda, haqiqatdan ham bu shunday mavzu. Shu mavzu yuzasidan baxs-munozara yuzaga kelgan ko’pgina davralarda,  odatda, har ikki tomon ham deyarli quida keltirmoqchi bo’lgan gaplarimni ishlatishadi. “Ha” –  deb javob beruvchilar – “Tasavvur qil oilalisan, sarf-harajatlaring ko’p. Buni ustiga daromading yahshi emas. Tirikchilkka zo’rg’a non topasan. Qanday qilib o’zingni baxtli hisoblaysan?” – kabi qarshi tomon uchun javob topish qiyin bo’lgan masala tashlashsa, ”Yo’q” – deb javob beruvchilar – “Hayotda qanchadan-qancha puli ko’p insonlarning farzandi yo’q. Yoki, oilasidan tinchlik yuz o’gurgan. Qani o’zing o’ylab ko’r. Pul qanday qilib baxt bo’la oladi?” – mazmundagi masala qo’yishadi. Bugun men ko’pchiligimiz baxs munozara davomida ishlatgan va juda ko’p marta chaynalgan yuqoridagi gaplarga o'xshash gaplarni yozmoqchi emasman. Shunchaki, bu savolga sal boshqacharoq yondoshmoqchiman.
Avvalo pul nima ekanligi haqida so’z yuritsak. Pul – bu moddiy ehtiyojlarni qondiruvchi vosita. U har-xil ko’rinishda bo’lishi mumkin. Lekin bajaradigan vazifasi bitta. Demak, shunday xulosa qilish mumkinki, pul – bu vosita.

Endi baxt haqida so’z yuritsak. Baxt nima deyilganda juda ko’plab turdagi javoblarni olishimiz mumkin. Kimdir baxtni oilada, kimdir mol dunyoda, kimdir iymonda deydi. Javoblarning safini anchagacha davom ettirish mumkin. Bundan xulosa kelib chiqadiki baxt – bu keng ko’lamli tushuncha. Unga turli bilimli, turli dunyoqarashli insonlar turlicha javob berishadi.

Baxt haqida donolar shunday deydilar:

“Minglab shamlarni bir sham bilan yoqish mumkin, buning oqibatida hayot shami hech qachon kamaymaydi.Baxt ham ulashish orqali hech qachon kamaymaydi.” – Budda.

“Kishining o’zidan quvonishidan haqiqiy baxt hosil bo’ladi” – Josef Addison.

“Baxt o’zimiz bilan chambar–chas bog’liqdir” – Aristotel.

“Baxt hayotdagi juda ham oson narsa,siz uni topishingiz mumkin, agar vaqt ajrata olsangiz va qidirsangiz” – Jorj Bernard Show.



Umumiy xulosa qilib shuni aytish mumkinki: Pul baxt bilan hech qachon tenglasha olmaydi. U kimlar uchundir baxtga eltuvchi vosita holos. U orqali o’sha insonlar baxtli bo’lish mumkin deb o’ylashadi. Aslini olganda esa u moddiy vositadan boshqa hech narsa emas.

Baxt esa mening nazarimda  – bu musulmon bo’lib tug’ilish, dunyoda kimgadir kerak ekanligingni his qilib yashash, sog’lik tinchlik va hotirjamlik. Ana o’sha narsalarga ega bo’lgan insonni baxtli deb bilaman. O’tgan kunim sarxisobi kelgan payda esa o’zimga savol beraman. Men bugun biror bir narsadan hafa bo’ldimmi? Dil hiralik hoh menga nisbatan hoh boshqalarga nisbatan sodir bo’ldimi?  “Yo’q” javobini olsam o’zimni baxtli ekanligimga ishonch hosil qilaman. Mol dunyo ketidan quvish esa – umirni bekorga sarflashdan boshqa narsa emas ekanligini takrorlayman.

Ko’pchiligimiz ish, o’qish va shunga o’hshash sabablar tufayli yaqinlarimiz, ota–onamiz, do’stlarimizdan xabar olishni unitib qo’yamiz. Boshqacharoq qilib aytganda, yugurayotganlarga qoshilib yuguramiz. Kozlagan manzilimiz boylik, mansab yoki boshqa korinishda boladi. Lekin baxtimiz ana o’sha insonlar bilan bog’liq ekanligi yodimizdan ko’tariladi. Bu esa bizning baxtsizligimiz sari qo’yilgan qadam ekanligini anglay olmaymiz, yoki anglasakda diydor sari borishga qarshi, o’zimizda bahonalar axtaramiz. Bahonalar davom etaveradi, davom etaveradi, biz esa uzoqlashaveramiz,uzoqlashaveramiz…

Yuqoridagi fikrlarga qarshi fikrlaringiz paydo bo’lishi mumkin. Balki men aytayotgan baxt sizga mos emasdir. Lekin bu bir insonning qarashlari deb qabul qilasiz. Xulosa chiqarish esa o’zingizga havola. Fikrlar bo’lsa o’rtoqlashish yodingizdan ko’tarilmasin!Dardlashamiz… 


Thursday, May 17, 2012

Baxtni kashf etgan o’g’lon.


        Inson yaratilibdiki doimo orzu-istaklar og’ushida yashaydi.Ammo ko’pchiligimizda uchraydigan kamchik bu o’sha qilingan orzu-istaklarning maqsadga aylantira bilmasilgimizdir.Ana o’sha amalga oshira olmagan ishimiz natijari ko’zimizga tezda ko’rinavermaydi.Ular yillar o’tgan sari,yoshimiz ulg’aygan sari, biz tirashib qalbimizda o’sha orzu-istaklardan qolgan chandiqlarni berkitishga urinishimiz sari o’zlarini nomoyon qilib boraveradi.Natija esa o’zingizga malum – “Bemani,foydasiz hayot kechirishdir”.Bunday natijani ko’rish yillar talab qiladi.Chunki biz endi kech bo’lganini his qilishimiz kerakda.Yoki aksincha,bir narsaning kech bo’lganini his qilishimiz uchun,imkoniyatlarimiz yetarli emasligini sezishimiz lozim bo’ladi.

Foydasiz hayot kechirish xususida donolar shunday deydilar:
Foydasiz hayot kechirish - bevaqt o'limdir.(Gyote)
Be'mani hayot kechirish - yomon turmush kechirish emasdir, ammo sekin-asta o'lishdir.(Demokrit)

        Haqiqatdan ham foydasiz hayot kechirish insonning hayotdagi o’rni bo’lmaganligidan dalolat bradi.Bu esa tobora insonning qalbini yemiradi.
Hayotning qandayin yoqimli va mazmunli bo’lishi zavq va ishtiyoqda. Demak har qanday qilingan orzu yoki qo’yilgan maqsad ana o’sha tuyg’ular bilan to’lib toshmog’i lozim.Ana o’shanda biz o’zimizni baxtli inson deb sanaymiz.Sizda - “Xo’sh baxt o’zi nima?Baxtli inson kim?” – kabi savollar paydo bo’lishi mumkin. Bu hususida bir rivoyat rosa asqotadi.

       Bir savdogar o‘g‘lini baxt nima, uning qanday sir-asrorlari bor, bilsin deb eng mashhur donishmand huzuriga yuboribdi.O‘g‘lon qirq kecha-kunduz sahro kezib, nihoyat tog‘ tepasidagi ajoyib bir qal’ani ko‘ribdi. Bu qal’ada u izlab yurgan donishmand yasharkan.Kutilganidek, qal’a donishmandning uzlatga chekingan kimsasiz kulbasiga sira ham o‘xshamas, aksincha, odam bilan to‘la edi: savdogarlar lash-lushlarini ko‘rsatib u yoq bu yoqqa chopqilashar, ba’zilari burchak-burchaklarda gaplashib turishar, mo‘jazgina sozandalar guruhi mayin kuy ijro etar, zalning o‘rtasida, bu o‘lkada topsa bo‘ladigan jamiki noz-ne’matlarga to‘la to‘kin dasturxon tortilgan.Donishmand bamaylixotir mehmonlar bilan bir-bir ko‘rishib-so‘rashib chiqadi va yigitchaning navbati yetguncha rosa ikki soat kutishiga to‘g‘ri keladi. Nihoyat Donishmand uning tashrifidan ko‘zlagan maqsadini eshitadi, biroq baxt nimaligiyu, uning qanday sir-asrorlari borligini hozir tushuntirib o‘tirishga vaqti yo‘qligini aytadi. Yigitchaga qal’ani tomosha qilib, aylanib chiqqin, ikki soatdan keyin shu joyga kelasan, deb tayinlaydi. “Darvoqe,sendan yana bir so‘rovim bor,— deydi u yigitchaga ikki tomchi moy solingan choyqoshiqni uzatib.— Bu qoshiqchani olgin, qara, tag‘in moy to‘kilmasin”. Yigitcha, ko‘zini qoshiqchadan uzmay, zinalardan chiqib-tushib saroyni aylanadi, ikki soatdan so‘ng yana donishmand qoshida hozir bo‘ladi. “Xo‘sh,— deydi donishmand,— oshxona zalidagi forsiy gilamlar senga yoqdimi? Bog‘dagi dov-daraxtlar, gulzorlar-chi? Ularni qo‘li gul bog‘bonlar o‘n yil deganda barpo etishgan. Mening kutubxonamdagi eski qalin kitoblar, teriga bitilgan qo‘lyozmalar-chi?” O‘sal bo‘lgan yigitcha bularni ko‘rmaganini tan oladi, zotan, qal’ani aylanganda u butun diqqatini xo‘jayin qo‘liga ishonib topshirgan choyqoshiqdagi moydan uzmagan edi. “Izingga qayt va mening uyimdagi mo‘jizalarni tomosha qil,— dedi shunda donishmand.— Turish-turmushini ko‘rib bilmagan odamingga qanday ishonasan”. Yigitcha qo‘lida qoshiq bilan yana saroyni aylangani jiladi. Bu safar u oldingiday diqqat bo‘lmay, xonalarni bezab turgan kamyob jihozlarni, san’at asarlarini ko‘rib chiqadi. U bog‘larni va qal’ani o‘rab turgan qoyalarni kuzatadi, gullarning va suratu haykallarning go‘zalligini o‘zicha baholaydi. Donishmandning oldiga qaytgach, u ko‘rganlarining hammasini oqizmay-tomizmay aytib beradi. “Ikki tomchi moy qani, men senga to‘kib qo‘yma deb taynlagandim?”— so‘raydi donishmand. Shunda yigitcha qoshiqchadagi moyning to‘kilganini payqaydi. “Mana shu men senga beradigan birdan-bir maslahat,— deydi unga donolar donosi.— Baxtning siru asrori dunyoning bor jozibasiyu tarovatini ko‘ra bilishda va ayni paytda choyqoshiqdagi ikki tomchi moyni ham hech qachon yoddan chiqarmaslikda”.

        Biz hayotimiz davomida zavq-shavqqa to’lib yashamog’imiz va shu bilan bir qatorda o’zimiz uchun kerakli insonlar,odatlarni ham unitib qo’ymasligimiz lozim.Bu esa bizni haqiqiy baxti hayot sari yetaklaydi.

        Qilingan orzu-istaklar,topilgan obro’-e’tibor yoki davlat bizga zavq ulasha olmasa – oila azolarimiz yoki do’stlarimiz davrasidan uzoqda bo’lishga majbur qilsa,bunday hayot bemanilikdan boshqa narsa emas.Bemanilik esa o’zgalarning etiboridan chetta qolishga olib keladi.Bu esa o’z navbatida yo’qlikka yetaklaydi.

        Baxti hayot sari qilayotgan orzu-istaklar,qo’yilayotgan maqsadlar va ularning amalga oshish jarayoni zavq va shavqqa to’la bo’lishini siz zamondoshlardan hayot hech qachon benasib qilmasin.Dardlashamiz…

Thursday, May 3, 2012

Hayot haqiqati


Bugun jaddallik bilan olg’a intilayotgan taraqqiyot o’zi bilan birga odamlarni ham aniq bir yo’nalishsiz tomonga ergashtirib ketmoqda.Beihtiyor xohlaymizmi yo’qmi unga ergashayabmiz.Chunki kechagi kun bilan yashash ko’pchilik nazarida mumkin emas.Yashash mumkin bo’lganda ham,bunday insonlarni “zamondan orqada qolgan kimsalar” deb atashadi.Taraqqiyot ortidan nazar solar ekanmiz, turli maqsadlardagi insonlarni ko’ramiz.Maqsadlar va ularga eltuvchi so’qmoqlar turli tuman. Bazi so’qmoqlar qayrilishlarsiz,bazilari esa ularga boy. Bazi birlarining shakli chalkashligidan ko’zlar hira tortadi. Hammamiz ketayabmiz,ketayabmiz,ketayabmiz….Manashu ketishlar mobaynida ko’pchiligimiz o’zimizga bir necha savollar beramiz.Bazilarimiz esa anchadan beri o’zimizga savol bermay qo’yganmiz. Savol beruvchilarning ham ko’pchiligini berilajak javobni kechiktruvchilar yoki ertasi(keyini) ko’plar tashkil etadi.Xo’sh,bu savollar qanday deyayotgandirsiz.

Ular quidagicha:
«Men bugun qilayotgan ishdan qanday samara chiqadi? Ertaga qiladigan ishimdan-chi? Mening jamiki hayotimdan nima ma’no chiqadi?»

Boshqacha qilib ifodalasa, savol bunday bo‘ladi: «Men yashab nima qilaman? Biron narsani istashimdan nima ma’no? Biror ish qilmog‘imning nima keragi bor?»

Yana boshqacharoq savolni bunday ifodalasa bo‘ladi: «O‘lim haq, men, albatta, bu dunyodan o‘taman. Mening yashashimda shunday ma’no bormiki, mening o‘limim uni mahv eta olmasa?»

Javob berish balki qiyinchilik tug’dirar.Balki osondir.Nima bo’lganda ham ular insonlar ongiga,e’tiqodiga qarab turlicha qabul qilinadi va mos ravishda turlicha javob beriladi.Bu savollarga bir necha donishmand javob ahtarishgan. Quida ularning javoblari bilan tanishib chiqsak.

«Biz hayotdan qay darajada uzoqlashsak, faqat shu darajada haqiqatga yaqinlashib boramiz, -degan ekan Suqrot o‘limga tayyorgarlik ko‘rayotganida. - Haqiqatni sevguchi bizlar hayotda nimaga intilamiz? Tanimizdan mosuvo bo‘lishga va tan hayotidan kelib chiquvchi jamiki yovuzlikdan xalos bo‘lishga intilamiz. Shundoq ekan, ajal eshigimizni qoqib kelganda, biz nechuk xursand bo‘lmaylik? Donishmand odam butun umri davomida o‘limni izlaydi, shuning uchun o‘lim unga qo‘rqinchli emas».Jismning hayoti yovuzlikdan va yolg‘ondan iborat. Shuning uchun ham bu jism hayotini mahv etish ne’matdir, biz shu ne’matni tilamog‘imiz darkor».

«Hayot shunaqa narsaki, uning boridan yo‘g‘i yaxshiroq bo‘lardi. Hayot - yovuzlik, yovuzlikdan hechlikka ko‘chish hayotdagi birdan-bir ne’matdir»,-deydi Shopengauer.

«Dunyodagi hamma narsa - hamoqat ham, donolik ham, boylik ham, qashshoqlik ham, shodxurramlik va qayg‘u-alam ham, hammasi behuda va arzimas narsalardir. Inson o‘ladi va undan hech narsa qolmaydi. Bu bema’nilikdir», - deydi Sulaymon payg‘ambar.

«Azob-uqubatlar, zaiflashish, qarish va o‘lim muqarrar ekanini anglab turib yashab bo‘lmaydi, odam o‘zini hayotdan xalos etmog‘i, har qanday yashash imkonidan mahrum etmog‘i kerak»,  deydi Budda.

Endi hind donishmandlari nima deyishini eshiting:
«Yosh baxtiyor shahzoda Sakna-Muniga xastaliklar, qarilik, o‘lim begona edi. Kunlardan birida u saylga boradi va tishlari to‘kilib ketgan, so‘laklari oqib yotgan, munkillagan bir cholni ko‘radi. Shu paytgacha qarilikni ko‘rmagan shahzoda aravakashdan buning nimaligini, nima sababdan bu odam shu qadar ayanchli va xunuk ahvolga tushganini so‘raydi. Bunday qismat hamma odamlarning boshida bor ekanini, yosh shahzoda ham vaqt-soati kelib, albatta, shu ahvolga tushajagini eshitib, shahzoda saylga borgisi kelmay qoladi va bu gaplarning hammasini o‘ylab ko‘rmoq uchun orqaga qaytishni buyuradi. Uyga yetib borgach, ichkariga berkinib olib, o‘ylashga boshlaydi. Bir necha muddat o‘tgach, shahzoda bir narsadan taskin topadi. U yana shodu xurram va baxtiyor kayfiyatda saylga yo‘l oladi. Bu gal unga bemor ro‘para keladi. Uning ko‘z o‘ngida o‘lguday toliqqan, ko‘karib ketgan, ko‘zlaridan nur ketgan,dag‘-dag‘ qaltiroq bosgan bechorahol bir odam gavdalanadi. Shu paytgacha xastalik nima ekanini bilmagan shahzoda to‘xtab, nima gap ekanini so‘raydi. Shunda bu xastalik ekanini, hamma odamlar xastalikka uchrashi mumkinligini, uning o‘zi, sog‘lom va baxtiyor yurgan shahzoda ham, ehtimol,ertaga shunaqa bemor bo‘lib qolishi mumkinligini eshitib, kayfi buziladi, kayfichog‘lik qilishga xushi qolmaydi va uyga qaytishni buyuradi. U uyida yana o‘zicha biror taskin izlaydi va uni topadi, shekilli.Chunki u yana bir marta sayru tomoshaga otlanadi. Ammo uchinchi marta ham yo‘lda bir voqeaga yo‘liqadi-odamlar nimadir ko‘tarib ketishayotganini ko‘radi. «Nima bu?» - «Bandalikni bajo keltirgan odam». -«Bandalikni bajo keltirish qanaqa bo‘ladi?» - deb so‘raydi shahzoda. - «Bandalikni bajo keltirish shu odamga o‘xshab jon taslim qilish bo‘ladi», - deb javob berishadi. Shahzoda tobutning oldiga boradi, pardani ko‘tarib mayitning yuziga qaraydi. - «Bu odam endi nima bo‘ladi?» - deb so‘raydi shahzoda. - «Uni yerga ko‘madilar», - deb javob berishadi shahzodaga. -«Nega?» - «Negaki, endi u hech qachon boshqa tirilmaydi, u chirib-iriydi, keyin tuproqqa aylanadi». - «Hamma odamlarning ham qismati shunaqami? Men ham shu ko‘yga tushamanmi? Meni ham ko‘mishadimi? Men ham irib-chirib, qurtlarga yem bo‘lamanmi?» - «Ha». - «Orqaga qayt! Men sayrga bormayman. Bundan keyin hech qachon hech qanaqa sayrga bormayman». Shunday qilib, Sakna-Muni hayotdan taskin topa olmadi va «hayotning turgan-bitgani ulug‘ bir yovuzlikdir» degan to‘xtamga kelib, butun qalb kuchini undan xalos bo‘lishga va boshqalarni. Undan xalos etishga sarfladi. «Xalos etganda ham shunday qilmoq kerakki, odamning vafotidan keyin hayot bir amallab qayta tiklanmasin, uni butunlay, tag-tugi bilan tubdan mahv etish kerak». Hind donishmandlari shunday deydi.

Donishmandlarning umri davomida juda ko’p marotaba izlanishlar,adashishlar,qaytishlar natijasida  topgan javoblari shu tariqa edi.Javob berishga shoshilmasdan qo’yilayotgan masalani bir sayyoh haqidagi sharq masali bilan yanada aniqlashtirsak.

Sayyoh dashtu biyobonda qahru g‘azabdan tutaqqan yirtqichga ro‘para kelibdi. Undan xalos bo‘lish niyatida sayyoh suvsiz quduqqa sakrabdi. Ammo ko‘rsaki, uning tubida dahshatli bir ajdaho sayyohni yeyman, deb og‘zini ochib turibdi. Sho‘rlik sayyoh nima qilishini bilmay qolibdi - quduqdan qaytib chiqay desa qonsiragan yirtqichning changalida halok bo‘ladi, quduqning tubiga tushsa, ajdahoga yem bo‘ladi. Quduq devoridagi yoriqdan bir buta o‘sib chiqqan ekan - yo‘lovchi shu butaning shoxiga ilinib,muallaq osilib qoladi. Borgan sari uning bilaklaridan quvvat ketadi, oradan ko‘p o‘tmay qismati tugashini, ikki tomondan uni kutib turgan xatarning biriga ro‘para kelishini his qiladi, lekin shundoq bo‘lsa ham, u butani mahkam changallaganicha osilib turaveradi. Bir mahal sayyoh osilgan holida o‘girilib qarasa, biri qora, biri oq ikkita sichqonu osilib turgan butaning tevaragida baravar uymalanib, tagidan kemirayotgan emish. Ana, ko‘p o‘tmay, shox o‘z-o‘zidan qirsillab sinadi-yu, sayyoh ajdahoning og‘ziga tushadi. Sayyoh buni ko‘rib turibdi, u biladiki, muqarrar halok bo‘ladi. Ammo hozircha osilib turar ekan, u tevarak-atrofiga alanglaydi va shoxning barglarida bir necha tomchi asal ko‘radi. So‘ng bir amallab, uni tili bilan yalay boshlaydi.

Aslini olganda biz ham anashu sayyohga o‘xshaymiz:biz ham hayot butog‘iga zo‘r-bazo‘r osilib turibmiz, bilamizki bizni parcha-parcha qilib tashlashga
tayyor turgan o‘lim ajdahosi kutyapti; nima uchun biz bu mislsiz qiynoqlar changaliga tushib qolganimizni o‘zimiz tushunmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, biz avvallari bizga tasalli bergan asalni yalashga harakat qilamiz, lekin bu asal endi bizga ortiq huzur baxsh etmaydi, oq sichqon bilan qora sichqon, ya’ni tun bilan kun biz ushlab olgan shohni kemirgandan kemiryapti. Biz ajdahoni aniqravshan ko‘rib turibmiz va endi asal bizga shirin tuyulmayapti. Ko‘zimiz faqat bir narsani - muqarrar ajdahoniyu sichqonlarni ko‘ryapti, xolos. Va biz ulardan nigohimizni ayirib ololmayapmiz. Bu esa masal emas, bu chinakam, hech qanday shubha tug‘dirmaydigan va hammaga ayon bo‘lgan haqiqatdir.

Hayotning mazmuni balki shu savollarga javob topilgach ayon bo’lar,balki yanada murakkabroq savollar ham bordir.Ko’rganingizdek bu savollarga javob topish unchaligam oson ish emas.Yana shuni ham aytib o’tmoqchimanki donishmandlar topgan javoblar haqiqat degani emas.Har kim o’zidan kelib chiqib,yani aql doirasiga ko’ra javob topadi.Javoblar topilib qolsa o’rtoqlashish yodingizdan ko’tarilmasin!Dardlashamiz…



(Postda L.N.Tolstoyning “Iqrornoma”  asaridan foydalanildi).